Shukur Burhonov

Aktyor
Shukur Burhonov
Tavallud sanasi:
15.09.1910
Vafot sanasi:
15.08.1987

Taniqli teatr va kino aktyori Shukur Burhonov 1910 yil 15 sentyabrda Toshkentda bog‘bon oilasida dunyoga keldi. Shukur Burhonov boshlang‘ich maktabni bitirib, Toshkent qishloq xo‘jalik texnikumiga kirdi. Bundan tashqari, o‘qish davomida badantarbiya to‘garagi hamda badiiy to‘garaklarga faol qatnashdi.

So‘ngra o‘sha vaqtda “Ko‘k ko‘ylak” nomi bilan yoshlar orasida tashkil etilgan havaskorlar truppasida ishladi. U 1928 yilda Samarqandga borib, O‘zbek davlat teatriga aktyor bo‘lib ishga kirdi. U yerda esa teatr bosh rejissyori Alekseyev qo‘lida Shohidaxonim va Karim Zakiriy bilan birga 6 oy o‘qidi. Bu o‘qish davrida aktyor hunari (ustaligi)ning asosiy o‘ziga xos xususiyatlari bilan umumiy tusda tanishdi. 1930 yilda Moskvada bo‘lgan teatr olimpiadasiga borib qatnashish Shukur Burhonov uchun ko‘p foydali bo‘ldi. Bunda o‘sha davr teatrchiligining yaxshi namunalari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi, uning saxnaga muhabbatini oshirib yubordi, shu bilan birga, aktyorlik san’ati zo‘r qobiliyat talab etuvchi og‘ir ish ekanini chuqurroq angladi.

 Shukur Burhonov bu olimpiadada Meyerxold postanovkalaridan “Les”, “Mandat” va boshqalarni, “Gurjiston” teatrida “Anzor” va “Lamara” nomli pyesalarni tomosha qildi. Bu spektakllar Shukur Burhonovning teatrga sevgisini oshirish bilan birga, chinakam artist bo‘lishi uchun o‘qish, o‘rganish, g‘ayrat qilish, tinmasdan izlanish kerakligini ravshan ko‘rsatib berdi. Shukur Burhonovning teatrchilik sohasida ko‘rgan boshlang‘ich maktabi o‘sha Samarqanddagi olti oylik dars va Moskvadagi olimpiada bo‘ldi. Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra Shukur Burhonovning ilk marotaba o‘ynagan roli 1929 yilda “Ikki kommunist”dagi Dehqon obrazi bo‘lgan. Shundan keyin “Kovayn ohangar”da Kova rolida, “Bag‘ovat” (“Myatej”)da Karavay va Matros rollarida chiqqan. Bular ichida eng muvaffaqiyatli chiqqani Matros roli bo‘lgan. Shukur Burhonov bu obrazni o‘zi sevib o‘ynagan, uning jangovarlik ruhini to‘la yoritib bera olgan.

1932 yilda Umarjon Ismoilovning “Rustam” asari bilan Shukur Burhonov ijodining yangi davri boshlandi. Rustam obrazi uydirma va turmush haqiqatidan uzoq bo‘lsa ham, Shukur Burhonov uni birmuncha muvaffaqiyat bilan o‘ynadi. Keyinchalik sahna yuzini ko‘rgan “Yondiramiz”, “O‘t kelini”, “Tarix tilga kirdi”, “Qo‘zibuloq”, “Makr va muhabbat”, “Malikai Turondot” kabi spektakllar Shukur Burhonov ijodiy salohiyatining kamol topishida muhim o‘rin tutdi. Shukur Burhonov II jahon urushi va urushdan keyingi yillarda harbiy sarkardalar obrazini yaratishga alohida e’tibor berdi. Izzat Sultonning “Burgutning parvozi” pyesasidagi Frunze, Komil Yashinning “General Rahimov” asarida Sobir Rahimov kabi obrazlar shular jumlasidandir. U ijobiy qahramonlar obrazlarini yaratish bilan bir qatorda salbiy qahramonlar obrazini ham katta mahorat bilan ijro etdi.

O‘tgan asrning 50–60-yillarida Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik drama teatrida jahon va o‘zbek mumtoz dramaturgiyasining bir qancha noyob asarlari katta muvaffaqiyat bilan sahnalashtirildi. Ularning aksariyatida bosh rollarni ijro etish Shukur Burhonovga nasib etdi. Uning ijrosidagi V. Shekspirning “Hamlet” va “Yuliy Sezar” tragediyalaridagi Hamlet, Brut va Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasidagi Mirzo Ulug‘bek obrazlari faqat san’atkor ijodidagina emas, balki o‘zbek teatri tarixida ham ulkan voqea bo‘ldi.

Shukur Burhonov Mirzo Ulug‘bek obrazi ustida ishlaganda tarixiy Ulug‘bek qiyofasidagi bir-biri bilan chambarchas bog‘langan uch tomon – inson, olim va davlat arbobi kabi xususiyatlarni haqqoniy aks ettirishga alohida e’tibor berdi va bu borada katta muvaffaqiyatga erishdi. Ulug‘bek obrazi aktyorning o‘zbek sahnasida o‘ynagan ko‘p ajoyib obrazlarining biri bo‘lib, u tomonidan yaratilgan Hamlet obrazi darajasida turadi. 1964 yilda Hamza nomli otaxon teatr Moskvaga gastrolga borib M. Gorkiy nomidagi teatrda “Mirzo Ulug‘bek”, “Imon” va “Qonli sarob” spektakllarini namoyish etdi. Bu sahna asarlari tomoshabinlarga manzur bo‘ldi, taniqli teatrshunos, san’atshunos olimlar tomonidan ijobiy baholandi. Bu spektakllarning muhokamasida Shukur Burhonov ijro etgan Mirzo Ulug‘bek obraziga yuksak baho berilgan edi. Ulug‘bek obrazini yaratgan tragik rollar ijrochisi Shukur Burhonovga xos bo‘lgan qahramonlik romantikasi, poetik talqinlar, chuqur psixologik mazmun hamda qahramon qalbida qoluvchi teran ichki jarayonlarning yorqin ifodasida, ehtirosli va ko‘tarinki ijrosida vazminlik, jangovarlik ohanglari kuchayadi. Ulug‘bek sahnasida qahramonlik romantikasi uslub timsoliga aylangan yorqin tuyg‘ular, qudratli va jilovsiz ehtiros sohibi bo‘lgan san’atkor qahramoniga alohida ichki salohiyat ato etadi, uning fikr-mulohazalariga tiniqlik, teranlik va falsafiy mazmun bag‘ishlaydi. Ulug‘bek obrazi orqali dunyoni ezgulik va tafakkur bilan o‘zgartirish mumkin deb ishongan inson fojiasi ko‘rsatiladi. Ulug‘bekning haqiqat izlab chekkan iztiroblarini Shukur Burhonov matonatli soddalik va o‘tkir tafakkur bilan o‘zida mujassam etadi. Ayniqsa, jamiki faoliyati behuda ekanligini Ulug‘bek onasi Gavharshodbegim bilan kechadigan sahnada chuqur anglaydi. So‘qir kuch mujassam bo‘lgan onada Ulug‘bek faoliyatiga nisbatan oshkora nafrat bor edi. Ulug‘bek o‘z onasi uning beshafqat dushmani ekanligini afsus va nadomat bilan eslaydi. O‘ziga o‘g‘li Abdulatif qurol ko‘targanida matonat va irodasini namoyon etadi. Izzattalab padarkushga Ulug‘bek g‘azab va nafratini sochadi, uning yumshoq va rahmdil yuragida ajdodlarning jangovar ruhi, bobosi Temurning beshafqat ayovsiz qalbi uyg‘onadi.

1960 yilning 24 aprelida Sofoklning “Shoh Edip” asaridagi Edip orazini Shukur Burhonov yaratishga erishdi. Spektaklning eng maqtovga sazovor joylaridan biri asar bosh qahramoni Shoh Edip obrazining bekamu ko‘st, to‘g‘ri hal qilinishidir. Xalqimizning ulkan san’atkori Shukur Burhonovning mo‘’jizakor ijrochilik san’ati spektakl muvaffaqiyatini va uning taqdirini belgilagan. Ta’rif joiz bo‘lsa, bu spektaklni to‘la ravishda “Shukur Burhonov spektakli” deb atamoq mumkin. Shuningdek, bu obrazi bilan Shukur Burhonov betakror san’atkor, olmos iste’dod egasi ekanligini yana bir bora amalda ko‘rsatdi va u jahon teatrining yirik namoyandalari qatoridan o‘rin oldi. Shoh Edipdek har jihatdan murakkab va monumental tragik obrazni yaratishda aktyorga chuqur ijodiy izlanish olib borishga, asarning g‘oya va falsafasini sinchiklab tahlil qilishga, xarakter psixologiyasini haqqoniy ifodalashga, yuksak nafosat bilan Edip monolog va dialoglarida she’riyatning go‘zalligini bera bilish bilan birga, har bir so‘zning mag‘zini ochishga erishish, har bir kalimaga to‘g‘ri ohang va intonatsiya topish uchun ko‘p ishlashga to‘g‘ri kelgan...

Aktyor spektaklning birinchi ko‘rinishidayoq o‘z qahramonining shavqatli va ulug‘vor shoh, xalqparvar va odil inson, tadbirkor hukmdor sifatida tasvirlaydiki, biz buni aktyorning kuchli ruhiy kechinmalari bilan izhor qilgan so‘zlaridan ham bilib olamiz:

Baxtsiz norasidalar, ko‘rib turibmiz: Cheksiz azobda, iztirobdasiz, Ammo birontamiz menchalik yonmas, Menchalik tortmagay uning dardini, Shahrim deb otashda qalbim to‘lg‘onar, Sizni deb to‘lg‘onar otashda qalbim. So‘z bilan durning sifatini izohlab bo‘lmaganidek, Shukur Burhonov yaratgan Edip obrazining kamolotini ham ta’riflash nihoyatda qiyin.

U mehnatsevar, mas’uliyatli, o‘ziga ham, hamkasblari va shogirdlariga ham nihoyatda talabchan edi. Shukur Burhonovning ijodi falsafiy jihatdan boy va ko‘p qirralidir. U romantik, lirik xarakterli va satirik rollar ijrosida ham baravar mahorat ko‘rsatgan. Bu o‘rinda, u yaratgan N.V. Gogolning “Revizor” komediyasidagi shahar hokimi rolini eslash kifoya. Aktyor psixologik va o‘tkir dramatik rollarni katta mahorat bilan ijro etishga juda usta edi. Chexovning “Vanya tog‘a” asaridagi Voyniskiy, Shteynning “Shaxsiy ish” pyesasidagi Xlebnikov obrazlari shunday obrazlardandir. Shukur Burhonov ijodidagi Sulaymon ota obrazi o‘zining milliy xarakteri bilan ajralib turadi. Bir paytlar urushga ketayotgan No‘mon Nazarovdan omonat olib qolgan pokdamon ota uni butun front o‘tgan yo‘llar bo‘ylab qidiradi. Izlarini izlaydi. Shunday qilmasa bo‘lmaydi, chunki zimmasida “qiyomat qarz” bor. Asar nomining shunga indallo etilishining siri ham shunda.

Shukur Burhonov ijrosidagi Sulaymon ota obrazi aktyorlik san’ati rivojlanishidagi bosqichli obrazlar sirasiga kiradi. Sulaymon ota obrazini chinakam milliy ijod bo‘lib qolgan, o‘zida vatanparvarlik, baynalminallik, insonparvarlikning tub fazilatlarini mujassamlashtirgan harakatlar qatoriga qo‘yish mumkin. Shukur Burhonov yaratgan Sulaymon ota obrazi nafaqat halollikning, balki olijanoblik va ezgulikning timsoli bo‘lib gavdalanadi. Uning baxtsizlikka uchragan ayolga dalda bo‘lishi, oilaviy kelishmovchilikning zahmini tortayotgan yigitga xayrihohlik bildirishi obrazning umumiy “men”ligini ko‘rsatib turadi. Shukur Burhonov kino san’atimiz rivojiyotiga ham juda katta hissa qo‘shdi. U “O‘zbekfilm”, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon hamda “Mosfilm” kinostudiyalarida suratga olingan qator filmlarda rango-rang, sira ham unutilmas, o‘tkir xarakterli yetuk va salobatli obrazlar yaratib, kino san’ati muxlislarining ulkan muhabbatini qozondi va san’atning ushbu jabhasida ham ular boqiylikka yuz tutdi.

U kinoda birinchi marta 1940 yilda suratga olingan “Asal” badiiy filmida Rustam rolini ijro etdi. Shuningdek, jahon ekranida keng shuhrat qozongan, yarim asrdan beri qadr-qimmatini yo‘qotmagan “Tohir va Zuhra” badiiy filmidagi Qora Botir roli aktyorga katta shuhrat keltirdi. Uni keng jamoatchilikka iqtidorli san’atkor sifatida tanitdi. So‘ngra aktyor 1946 yilda “Uyqusiz yo‘l” filmida Rustam, 1950 yilda “Boy ila xizmatchi”da G'ofur, 1957 yilda “Baxt yo‘li”da Karimov, “Ilya Muromets”da Qalinshoh, 1972 yilda “Sinchalak”da Qalandarov kabi obrazlarni yaratdi. 1964 yilda kinorejissyor Latif Fayziyev “Ulug‘bek yulduzi” filmini suratga oldi. Filmda Shukur Burhonov yaratgan Mirzo Ulug‘bek obrazi aktyorning kinodagi eng katta yutug‘i bo‘ldi. Keyinchalik, u 1965 yilda Komil Yormatovning “Osiyo ustida bo‘ron” filmida Yalangto‘sh, 1966 yilda “Vijdon amri bilan” filmida professor Mahmudov, 1968 yilda “Inqilob chavandozlari”da Aznauz, “Vatan farzandlari”da haykaltarosh kabi bir necha yirik va murakkab rollarni ijro etdi. Shukur Burhonovning ijodiy faoliyati munosib taqdirlandi. Shukur Burhonovga “O‘zbekiston xalq artisti” (1940) faxriy unvoni berilgan. Shuningdek, u Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti (1965) bilan taqdirlangan. Betakror iste’dodi va o‘lmas ijodiy merosi bilan o‘zbek milliy madaniyatining rivojiga beqiyos hissa qo‘shganligi, butun hayotini el-yurt taraqqiyoti, xalqimiz m’naviyatining yuksalishiga baxsh etganligi uchun Shukur Burhonov 2001 yilda

“Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi. Mashhur kino va teatr aktyori, o‘zbek san’atining ulkan arbobi Shukur Burhonov 1987 yil 14 avgustda Toshkentda vafot etdi.

Manbaa: http://kitob.uz/view_data.php?id=1035
Sayt foyda berdi!
87485 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Izoh.uz — O‘zbek tilining xalqona izohli lug‘ati. So‘zlarning ma’nolari, ibora va misollar bilan keltirilgan.

Izoh.uz — Это народный толковый словарь узбекского языка с подробными определениями и примерами для каждого слова.

izoh.uz

TVinfo.uz — Bugun, ertaga va keyingi hafta uchun to‘liq teledasturlar.

TVinfo.uz — Телепрограмма на сегодня, завтра и ближайшую неделю.

tvinfo.uz

DostavkaInfo — Taomlar, dorilar, kitoblar va boshqa uy uchun kerakli bo‘lagan narsalarni yetkazib berish xizmatlari bor servislar.

DostavkaInfo — Каталог сервисов, предлагающих доставку еды, лекарств, книг и товаров для дома.

dostavkainfo.uz

Imlo.uz — Орфографический словарь узбекского языка позволяющий проверить правописание узбекских слов на латинице и кириллице. В базе более 87 000 слов.

Imlo.uz — O‘zbek tilining imlo lug‘ati. Saytda 85 000 ortiq so‘z bor.

imlo.uz

Lotin.uz — foydalanuvchilarga berilgan matnni lotindan kirillga va aksincha o‘girish xizmatini taklif etadi.

Lotin.uz — поможет транслитерировать с узбекской кириллицы на латиницу и обратно. Легко!

lotin.uz

Maqol va naqllarning eng katta kolleksiyasi. Har bir maqol uchta tilda (o‘zbek, rus, ingliz).

Самая большая коллекция пословиц и поговорок на трёх языках (узбекский, русский, английский).

maqollar.uz

Har kuni eng sara latifalar va kulguli rasmlar. O‘zbek tilidagi kulgu markazi!

Ежедневно только отборные анекдоты, смешные картинки. Кузница юмора на узбекском языке!

latifa.uz

Valyutani yuqori kursda almashtirish uchun yaqin punktlarni aniqlab beruvchi servis. Punkt joylashuvini kartada ko‘rsatadi.

Сервис, помогающий найти ближайшие пункты обмена валюты с выгодным курсом. Покажет местоположение пункта прямо на карте.

onmap.uz

O‘zbekcha telegram kanallarining eng katta katalogi. Faqt faol kanallar, ruknlarda va batafsil statistikasi bilan.

Самый большой каталог телеграм каналов в Узбекистане. Только активные каналы по категориям и с подробной статистикой.

uztelegram.com

O‘zbek tilida savodli yozishni biz bilan boshlang.

С нами вы научитесь грамотно писать на узбекском языке.

sarlavha.com

O‘zbek tilining sinonimlar lug‘ati. Saytda 3300 tadan ortiq so‘zlar, 900 ga yaqin sinonim so‘zlar to‘plamiga jamlangan.

Словарь синонимов узбекского языка на нашем сайте содержит более 3300 слов и 900 синонимов.

sinonim.uz
Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek va dunyo ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2024
Obuna va GoodGroup loyihasi